«Mirzo Ulugbek Innovation Center» markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi

Bugun Toshkent shahridagi Inha universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosining mexanizmlarini amalga oshirish bo‘yicha dasturiy mahsulotlar ishlabchiqaruvchilari va eksportchilari, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslar bilan muhokama tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbarining farmoni bilan Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi tashkil etish ko‘zda tutilgan. Maqsad – AKT sohasida ishlab chiqarish, ta’lim va ilm-fan integratsiyasini chuqurlashtirish, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari rivoji uchun qulay sharoitlarni yaratishdir.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikda IT-kompaniyalardan taklif va tavsiyalarni olish uchun tashkil etildi. Bu, o‘z navbatida, Prezident farmoni ijrosini samarali amalga oshirish imkonini beradi. Ta’kidlandiki, Innovatsiya markazi O‘zbekistonda AKT yo‘nalishi rivojining muhim bo‘g‘iniga aylanishi va mamlakat eksport salohiyatining oshishiga xizmat qilishi lozim. Bunga esa davlat organlari va soha korxonalarining mustahkam hamkorligida erishish mumkin.

Uchrashuv Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan tashqari, Moliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa davlat organlari vakillari ishtirok etdilar.

Yangi tashabbus IT-kompaniyalar vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi va ular markaz faoliyatini samarali tashkil etish va rezidentlarni jalb qilish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdilar.

Ishtirokchilar o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda IT-infratuzilmalar rivojini tezlashtirish zarurligini ta’kidlashdi. Jumladan, ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash markazlari va internet-xizmatlari borasida so‘z bordi. Shuningdek, ayrim huquqiy masalalar ko‘tarilib, ularga qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish orqali ichim topish lozimligi aytildi.

Muhokamada ko‘tarilgan eng asosiy savollardan biri – dasturchilarni tayyorlash masalasi bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari mamlakatda mutaxassislar taqchilligi sezilayotgani va talabgir kadrlarni tayyorlashda kompaniyalar hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerakligini qayd etishdi.

“Mirzo Ulugbek Innovation Center faoliyatini samalari tashkil etishning asosiy vazifalari” taqdimotini (pdf) ko‘chirib olish.

Ma’lumot uchun

Mirzo Ulugbek Innovation Center eksterritoriallik prinsipi asosida tashkil qilinib, rezidentlarni butun respublika hududida joylashtirishni ko‘zda tutadi. Markazning faoliyat yuritish muddati 10 yilni tashkil qilib, kelgusida uni uzaytirish imkoniyati saqlab qolinadi.

Prezident farmoni bilan Innovatsiya markazi ishtirokchilariga bir qator imtiyoz va priferensiyalar taqdim etilgan. Jumladan, 2018 yilning 1 yanvar kuniga qadar markaz rezidentlari soliq va majburiy to‘lovlardan ozod etildilar. Rezident ishchilar uchun daromadlar jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan qayd qilingan stavka bo‘yicha 7,5 foiz soliq undirilishi, Pensiya jamg‘armasiga 4,5 foiz stavka bo‘yicha sug‘urta badallari to‘lashlari ko‘zda tutilgan.

Manba: www.mitc.uz

Bizga xabar yuboring