«Best Soft Challenge-2017» eng yaxshi dasturiy ta’minot vositalari tanlovi natijalari

Joriy yilning 18 dekabrida EOAVMA Press-xollida «Best Soft Challenge-2017» tanlovining g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va tanlov tashkilotchilari ishtirok etdi.

«Best Soft Challenge-2017» tanlovi joriy yilning 4 avgustida boshlangan. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi UZINFOCOM Markazi, «O‘zbektelekom» AK hamda HUAWEI Kompaniyasi bilan hamkorlikda Tanlov tashkilotchilari maqomiga ega bo‘ldi.

2013 yildan boshlab o‘tkazib kelinayotgan tanlovda 25 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari, shuningdek, oliy ma’lumoti yo‘q shaxslar ishtirok etishi mumkin. Tanlovning guruhli ishtirokida 3 kishidan iborat guruhlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishdi.

Bu yil tanlov shakliga bir oz o‘zgartirishlar kiritilgan. Shu vaqtga qadar ishtirokchilar tanlovda tayyor dasturiy yechimlar bilan ishtirok etishgan va pul mukofotlarini qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, endilikda ishtirokchilar tanlov hay’atiga nominatsiyalar bo‘yicha o‘zlari ilgari surayotgan ishlanmalarning loyihalarini va g‘oyalarini ham taqdim etishlari mumkinligi belgilandi.

2017 yilning 4 avgustidan 31 oktyabriga qadar tanlovning I bosqichi – ishtirokchilarni ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu bosqichning yakuniga ko‘ra software.uz portaliga tanlov bo‘yicha 306 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, shulardan 40 tasi tanlovning final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

2017 yilning 3-15 noyabr kunlari tanlov jyuri a’zolari tomonidan dastlabki saralash tadbirlari o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, UZINFOCOM Markazi, TATU, Toshkent shahridagi INXA universiteti va «BePro» dasturchilar Markazi vakillari jyuri a’zolari sifatida ishtirok etdi. Ushbu bosqich doirasida kelib tushgan arizalar tanlovni o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom qoidalariga muvofiq ko‘rib chiqildi.

Tanlovning final bosqichi 2017 yilning 30 noyabri va 1 dekabr kunlari Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti binosida o‘tkazilgan bo‘lib, unda Toshkent shahri va respublikamizning 5 ta viloyati (Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm) ishtirokchilari o‘z loyihalarini shaxsan hamda video konferensiya orqali namoyish qilishdi.

Tanlovning yakuniy bosqichi natijalariga ko‘ra jyuri a’zolari tomonidan quyidagi tanlov g‘oliblari aniqlandi:

 «Aqlli shahar» yo‘nalishi bo‘yicha IT-loyihalar

1-o‘rin: «VeloBOT» – mobil ilova va bloklash/blokdan chiqarish qurilmasi yordamida velosipedlarni ijaraga olish bo‘yicha loyiha;

2-o‘rin: «Mobil kutubxona: shu yerda va hoziroq o‘qing» – jamoat joylar (bekatlar, maktablar va bosh.)da tarqalgan virtual tokchalardan QR kod orqali kutubxonaga kirish uchun ruxsat beruvchi tizim;

3-o‘rin: «UyJoy360» – tasvirni 360 darajadagi formatda ko‘rish imkoniyatini beruvchi ko‘chmas mulkni sotish/sotib olishga mo‘ljallangan loyiha.

Kompyuter va mobil o‘yinlar yo‘nalishi bo‘yicha IT-loyihalar

1-o‘rin: «Mylab» – interaktiv shaklda kimyoviy tajribalarni o‘tkazish imkoniyatini beruvchi interaktiv sayt;

2-o‘rin: «NEO QUIZ» – o‘yin shaklida o‘quvchilarni testdan o‘tkazish tizimi;

3-o‘rin: «Binary Game» – ikkilamchi hisob timizini o‘rganishga yordam beruvchi mobil ilova.

Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha IT-loyihalar

1-o‘rin: «VR Tours» – VR-texnologiyalar yordamida O‘zbekistonning ko‘zga ko‘ringan joylari va obidalari to‘g‘risida mustaqil ravishda ob’ektlarni yuklash imkoniyatini beruvchi loyiha;

2-o‘rin: «Delivery System» – savdo nuqtalari bo‘yicha mahsulotlarni yetkazib berishni nazorat qiluvchi tizim;

3-o‘rin: «Delivery food (Food express)» – Samarqand restoranlaridagi taomlarga buyurtma berish va yetkazib berish tizimi.

«AKT sohasida innovatsion g‘oya» maxsus nominatsiyasi

1-o‘rin: «Security PHP Wall» – MAC-manzilli (kompyuter) qurilmasiga maxsus PHP boshlang‘ich kodini shifrlash uchun mo‘ljallangan dastur;

2-o‘rin: «Mening virtual olamim» – bulutli texnologiyalar yordamida ishlovchi virtual ish stoli;

3-o‘rin: «E-kutubxona» – kutubxonaga kirish ruxsatini beruvchi va buyurtmalarni berish imkoniyatini yaratuvchi mobil ilova.

Shuningdek, alohida e’tiborga sazovor darajasi bo‘yicha xalq sarguzashtlari dostoni «Alpomish» nomli o‘yinining 12-13 yoshdagi mualliflariga ham tanlov sertifikati topshirildi.

Bizga xabar yuboring