Milliy reyestrga ixtiyoriy va bepul asosda yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab, uch oydan kam bo‘lmagan muddatda, yuridik shaxs sifatida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan va so‘nggi uch oyda o‘z dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqish, tatbiq etish va sotishdan olgan daromadlari sotilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining kamida 50 foizini tashkil etuvchi dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilari kiritiladi.
Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini Milliy reyestrga kiritish yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi)ga tegishli arizalari asosida amalga oshiriladi.
Vazirlik Milliy reyestrni shakllantirish, yuritish va yanada rivojlantirish bo‘yicha funksiyalarni amalga oshiradi.
Yuridik shaxslar Milliy reyestrga kirish uchun Vazirlikka mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha ariza taqdim etadilar (shaxsan kelib, pochta aloqasi vositasida yoki Internet tarmog‘i orqali).
Vazirlik arizani olgan kundan boshlab uni uch ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi. Har bir arizani ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Vazirlik dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisini Milliy reyestrga kiritish yoki kiritishni rad etish to‘g‘risidagi asoslangan qarorni qabul qiladi, bu haqda dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisiga xabarnoma yuboriladi (pochta, shu jumladan elektron pochta orqali).
Mazkur Nizomning 3-bandidagi talablarga javob bermaydigan dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini Milliy reyestrga kiritishda rad etilishi mumkin.
Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisini Milliy reyestrga kiritishda asossiz rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisi tomonidan ariza ilgari ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf qilingan holda takroran taqdim etilganda, yangi asoslarga ko‘ra Milliy reyestrga kiritilishda rad etish taqiqlanadi.
Milliy reyestrga kiritilishi rad etilgan holda dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisi faqat Milliy reyestrga kiritilishiga to‘sqinlik qiluvchi sabablarni bartaraf etgan holdagina Vazirlikka ariza bilan takroran murojaat qilishga haqlidir.
Vazirlik Milliy reyestrga kiritish to‘g‘risida ariza bilan takroran qilingan murojaatni mazkur Nizomning 8-bandida belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqishi shart.
Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisini Milliy reyestrga kiritish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan holda, Vazirlik:
qaror qabul qilingan kundan keyin bir kun muddat ichida mazkur Nizomning 16-bandida sanab o‘tilgan ma’lumotlarni Milliy reyestrga kiritadi;
dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisini Milliy reyestrga kiritgan kunda dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisini uning Milliy reyestrga kiritilganligi to‘g‘risida xabardor qiladi;
dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisi Milliy reyestrga kiritilgan kundan boshlab 10 kundan kechiktirmasdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga yuridik shaxsning to‘liq nomlanishi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma raqami va sanasi, soliq to‘lovchining identifikatsion raqami va Milliy reyestrga kiritilgan sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisi quyidagi asoslarda Milliy reyestrdan chiqariladi:
chiqish to‘g‘risidagi o‘z arizasi;
tegishli vakolatli organlarning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisi mazkur Nizomda belgilangan yuridik shaxslarni Milliy reyestrga kiritish mezonlarga nomuvofiq ekanligi to‘g‘risidagi asoslangan ma’lumoti.
Milliy reyestrdan chiqarish to‘g‘risidagi masala Milliy reyestrdan chiqarish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish uchun tegishli materiallar olingan kundan boshlab uch kun muddat ichida Vazirlik tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Vazirlik dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisini Milliy reyestrdan chiqarish to‘g‘risida asoslangan qaror qabul qiladi.
Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchisini Milliy reyestrdan chiqarish bu haqda qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun muddat ichida amalga oshiriladi.
Milliy reyestrdan chiqarilgan yuridik shaxslar, Milliy reyestrga agarda o‘z dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqish, joriy qilish va sotishdan olgan daromadlari o‘tgan yilga nisbatan sotilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorini tashkil etsa, Milliy reyestrdan chiqarilgan yildan keyingi kalendar yilida qayta kiritilishi mumkin.
Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilari Milliy reyestri ro‘yxatiga a’zo bo‘lish uchun quydagi telefon raqamlar va elektron pochta manzili orqali murojaat qilish mumkin:
sh.makhmudov@muic.uz
© 2013–2023 Kompyuter vа аxborot texnologiyalаrini rivojlаntirish hаmdа joriy etish Mаrkаzi UZINFOCOM